Maʼmuriy huquq

Sudlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining ahamiyati

Poʻlatov Dilmurod Tojimurot oʻgʻli 01.08.2026 3 min oʻqish 2 koʻrish

Mavzu: Sudlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining ahamiyati.

 

Bugungi jamiyatda biror-bir davlat organi odamlardan ajralgan holda, yopiq eshiklar ortida yashay olmaydi. Hokimiyat organlarining ochiqligi — bu shunchaki chiroyli shior emas, balki xalqning davlatga boʻlgan ishonchi va qonuniylikning bosh shartidir. Shu sababli, yurtimizda jamoatchilik nazorati mexanizmlari yildan-yilga kuchayib bormoqda. Ammo bu talab sud hokimiyati, xususan, odil sudlovni amalga oshiruvchi sudyalar faoliyatiga qanday taʼsir qiladi?

Sudyalik maqomi — bu nafaqat yuksak maqom, balki juda ogʻir masʼuliyatdir. Qonun hujjatlarida sudyalar mustaqil ekanligi va ularning ishiga aralashish taqiqlanishi qatʼiy belgilangan. Bu toʻgʻri va zarur kafolat. Biroq, bu mustaqillik sud tizimini jamiyat koʻzidan yashirishga xizmat qilmasligi lozim. Aksincha, sud qarorlarining mamlakat hududida majburiy kuchga ega ekanligi (har bir chiqarilgan qaror kimningdir taqdiri yoki mulkini hal qilishi) ularning ustidan sogʻlom jamoatchilik nazoratini zarur qilib qoʻyadi.

Sud tizimida xalq nazoratining qonuniy poydevori mavjud. Masalan, jinoyat ishlarini koʻrishda fuqarolik jamiyati vakillarining jamoat ayblovchisi yoki himoyachisi sifatida ishtirok etishi, shuningdek, sud prosessida sudya bilan teng huquqda qaror qabul qiluvchi “xalq maslahatchilari” instituti yillar davomida samarali ishlab kelmoqda. Bu mexanizmlar sud qarorlarining adolatli boʻlishiga toʻsqinlik qilmaydi, aksincha, tizimning xalqchilligini taʼminlaydi.

Sud tizimidagi ochiqlik va nazorat masalasi, ayniqsa, nisbatan yangi tuzilma boʻlgan maʼmuriy sudlar misolida yaqqol namoyon boʻladi. Maʼmuriy sudlarning tabiati anʼanaviy sudlardan farq qiladi: ularning vazifasi jinoiy qilmishlarga jazo tayinlash yoki fuqarolarning oʻzaro mulkiy nizolarini hal etish emas, balki aynan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, yaʼni davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari, harakat (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishdir.

Maʼmuriy sud zalida bir tomonda oddiy fuqaro yoki tadbirkor, ikkinchi tomonda esa katta vakolat va resurslarga ega davlat idorasi (hokimlik, soliq, qurilish yoki kadastr organlari) turadi. Bunday vaziyatda shaffoflikni taʼminlash tizimning eng muhim vazifasiga aylanadi. Buning uchun qonunchilikda bir nechta oʻziga xos raqamli va prosessual instrumentlar yaratilgan.

Xususan, davlat organlari bilan bogʻliq yer nizolari yoki uy-joy buzilishi kabi keng rezonansli ishlar ochiq sud majlislarida koʻriladi. Bu jarayonda OAV va jamoatchilikning ishtirok etishi har ikki tomonning ham faqat qonun doirasida harakat qilishini taʼminlaydi. Shuningdek, bugungi kunda sud majlislarini audio va videoga qayd etish tizimlarining yoʻlga qoʻyilishi, ayrim sud prosessining onlayn translyasiya qilinishi hamda qabul qilingan hal qiluv qarorlarining maxsus saytlarda ochiq eʼlon qilinishi — zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazoratining eng samarali koʻrinishidir.

Bundan tashqari, maʼmuriy sudlarda sudya oddiy kuzatuvchi emas. Qonun unga oʻz tashabbusi bilan davlat organidan kerakli hujjat va dalillarni talab qilib olish majburiyatini yuklaydi. Bu esa kuchlar muvozanatini tenglashtirishga xizmat qiladi.

Sud tizimiga boʻlgan jamoatchilik ishonchi nafaqat ochiq eshiklarga, balki sudyalik korpusining salohiyatiga ham bogʻliq. Maʼmuriy sud sudyasidan soliq, yer yoki murakkab shaharsozlik normalarini (SHNQ) mukammal bilish talab etiladi. Sudyalar odob-axloq qoidalariga koʻra, har bir sudya oʻz malakasini uzluksiz oshirib borishi, mustaqil taʼlim olishi va oʻz faoliyatini, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tanqidiy tahlil qilishi shart.

Bugungi kunda Sudyalar Oliy kengashi tomonidan sudyalikka nomzodlarni saralash jarayoniga jamoatchilik vakillarining jalb etilishi ham kadrlar siyosatining ochiqligidan dalolat beradi.

Xulosa oʻrnida aytganda, sud hokimiyati, xususan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etuvchi maʼmuriy sudlar qanchalik shaffof boʻlsa, aholining ishonchi shunchalik yuqori boʻladi. Jamoatchilik nazorati esa sud tizimining mustaqilligiga tahdid emas, balki mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlovchi eng toʻgʻri va samarali kuchdir.

 

 

D. Poʻlatov,

Toshkent shahar maʼmuriy sudi sudyasi

 

B. Kamilov,

Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi sudyasi