Tadbirkorlik huquqi

Tovarni qabul qilishdan bosh tortilganda huquqni himoya qilish usulini toʻgʻri tanlash masalalari

Kamoliddin Madrahimov 20.07.2026 15 min oʻqish 22 koʻrish
Tovarni qabul qilishdan bosh tortilganda huquqni himoya qilish usulini toʻgʻri tanlash masalalari

Kirish

Bozor munosabatlari sharoitida tadbirkorlik subʼyektlari oʻrtasida tuziladigan mahsulot yetkazib berish shartnomalari tovar aylanmasining barqarorligini taʼminlovchi asosiy huquqiy vositalardan biri hisoblanadi. Bunday shartnoma taraflar zimmasiga oʻzaro bogʻliq majburiyatlarni yuklaydi: mahsulot yetkazib beruvchi tovarni shartnomada belgilangan muddat, miqdor, assortiment va sifatda topshirishi, sotib oluvchi esa tovarni qabul qilishi hamda uning haqini toʻlashi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 437-moddasiga muvofiq, mahsulot yetkazib berish shartnomasi boʻyicha tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi — sotuvchi shartlashilgan muddatda tovarlarni sotib oluvchiga topshirish, sotib oluvchi esa ushbu tovarlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi.

Amaliyotda mahsulot yetkazib beruvchi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatini lozim darajada bajarishga tayyor boʻlganiga qaramay, sotib oluvchi turli sabablarni keltirib, tovarni qabul qilishdan bosh tortadigan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatda sotuvchining huquqi buzilgani shubhasiz. Biroq buzilgan huquqning mavjudligi har qanday mazmundagi daʼvo talabi sud tomonidan qanoatlantirilishini anglatmaydi. Sud himoyasiga murojaat qilishda daʼvo predmeti va huquqni himoya qilish usuli qonunchilikda nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarga muvofiq tanlanishi lozim.

Nizoli vaziyatning mazmuni

«AAA» masʼuliyati cheklangan jamiyati sotuvchi, «VVV» masʼuliyati cheklangan jamiyati esa sotib oluvchi sifatida transformator uskunasini yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan.

Shartnomaga muvofiq, sotuvchi transformator uskunasini oʻttiz kun ichida tayyorlagan va sotib oluvchiga tovar tayyor ekanligi hamda uni qabul qilib olish zarurligi haqida yozma bildirish xati yuborgan. Biroq sotib oluvchi turli vajlarni keltirib, tovarni qabul qilishdan yozma ravishda bosh tortgan.

Shundan soʻng sotuvchi iqtisodiy sudga daʼvo arizasi kiritib, javobgar zimmasiga transformator uskunasini qabul qilib olish majburiyatini yuklashni soʻragan.

Mazkur holatda asosiy huquqiy masala — sotuvchi tomonidan tovarni majburan qabul qildirish toʻgʻrisidagi talab huquqni himoya qilishning tegishli usuli sifatida tanlanganmi yoki sotuvchi boshqa mazmundagi talab bilan murojaat qilishi lozimmi, degan savoldan iborat.

Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati

Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati mahsulot yetkazib berish shartnomasining asosiy mazmuniga kiradi. Shu sababli sotib oluvchining tovarni qabul qilishdan bosh tortishi, agar bunday rad etish qonunchilik yoki shartnoma shartlari bilan asoslantirilmagan boʻlsa, shartnoma majburiyatining buzilishi hisoblanadi.

Biroq sotib oluvchi har qanday holatda ham tovarni qabul qilishga majbur emas. Xususan, agar topshirilayotgan tovar shartnomada belgilangan sifat, miqdor, assortiment, butlik, qadoqlash yoki boshqa talablarga muvofiq boʻlmasa, sotib oluvchi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda uni qabul qilishdan bosh tortish huquqiga ega.

Fuqarolik kodeksining 448-moddasi birinchi qismiga koʻra, shartnomada sotib oluvchining tovarni mahsulot yetkazib beruvchi joylashgan yerda tanlab olishi nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchi topshirilayotgan tovarni oʻsha joyda koʻzdan kechirishi lozim. Tovarning shartnomaga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi uni olishdan bosh tortishga haqli.

Demak, nizoni hal qilishda sotib oluvchining rad javobida keltirilgan vajlar tekshirilishi zarur. Agar transformator uskunasi shartnoma va texnik hujjatlar talablariga toʻliq muvofiq boʻlsa, sotib oluvchining uni qabul qilishdan bosh tortishi asossiz hisoblanadi.

Qonunchilikda belgilangan maxsus huquqiy oqibat

Sotib oluvchining tovarni qabul qilishdan asossiz bosh tortishi holati uchun fuqarolik qonunchiligida maxsus huquqiy oqibat belgilangan.

Fuqarolik kodeksining 447-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq, sotib oluvchi qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan asoslarsiz mahsulot yetkazib beruvchidan tovarni qabul qilib olmagan yoki tovarni rad etgan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchidan tovar haqini toʻlashni talab qilishga haqli.

Ushbu norma sotuvchining buzilgan mulkiy manfaatini tiklashga qaratilgan maxsus himoya mexanizmini belgilaydi. Yaʼni qonun sotuvchiga sotib oluvchini jismonan yoki tashkiliy jihatdan tovarni qabul qilishga majburlashdan koʻra, shartnoma boʻyicha tovar qiymatini undirish imkoniyatini beradi.

Fuqarolik kodeksining 419-moddasida ham shunga oʻxshash umumiy qoida belgilangan. Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va uning haqini toʻlashdan bosh tortsa, sotuvchi oʻz ixtiyoriga koʻra tovar haqini toʻlashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.

Agar shartnomada sotib oluvchi tovarni sotuvchining ombori yoki boshqa joydan mustaqil ravishda olib ketishi nazarda tutilgan boʻlsa, Fuqarolik kodeksining 448-moddasi ikkinchi qismi ham qoʻllaniladi. Unga koʻra, sotib oluvchi shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, tovar tayyorligi toʻgʻrisida bildirish xatini olganidan keyin oqilona muddatda tovarlarni tanlab olmasa, mahsulot yetkazib beruvchi shartnomani bajarishdan bosh tortish yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini toʻlashni talab qilish huquqiga ega.

Shu jihatdan, transformator uskunasi tayyorlangani va sotib oluvchiga uni olib ketish toʻgʻrisida yozma xabar berilgani mazkur huquqiy normalarni qoʻllash uchun muhim ahamiyatga ega.

Tovarni majburan qabul qildirish talabi toʻgʻri tanlanganmi?

Sotuvchi tomonidan javobgar zimmasiga transformator uskunasini qabul qilish majburiyatini yuklash haqidagi talab shartnoma mazmunidan kelib chiqadigan majburiyatga ishora qilsa-da, mazkur kazus holatlarida huquqni himoya qilishning maxsus va samarali usuli hisoblanmaydi.

Birinchidan, mahsulot yetkazib berish munosabatlarini tartibga soluvchi maxsus normalar sotuvchiga tovarni qabul qildirishni emas, balki uning haqini toʻlashni talab qilish huquqini bermoqda.

Ikkinchidan, tovarni qabul qilishga majburlash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorining amalda ijro etilishi murakkab boʻlishi mumkin. Tovarni qabul qilish faqat uni jismonan olib ketishdan iborat emas. U transportni tashkil qilish, vakolatli xodimlarni yuborish, qabul qilish hujjatlarini rasmiylashtirish, tovarni koʻzdan kechirish va saqlash joyini tayyorlash kabi bir qator tashkiliy harakatlarni ham talab qiladi. Qonunchilik esa bunday holatda sotuvchining mulkiy manfaatini tovar qiymatini undirish orqali himoya qilishni nazarda tutgan.

Uchinchidan, tovar haqini undirish toʻgʻrisidagi talab sotuvchining iqtisodiy manfaatini bevosita tiklaydi. Tovarni qabul qilishga majburlash haqida qaror chiqarilgan taqdirda ham sotuvchi tovar qiymatini olish uchun keyinchalik yana sudga murojaat qilishga majbur boʻlib qolishi mumkin.

Shu sababli koʻrib chiqilayotgan vaziyatda sud sotuvchining javobgar zimmasiga transformator uskunasini qabul qilib olish majburiyatini yuklash haqidagi daʼvo talabini rad etishi mumkin. Bunda rad etish sotuvchining huquqi buzilmaganini emas, balki u tomonidan huquqni himoya qilish usuli va daʼvo predmeti tegishli tarzda belgilanmaganini anglatadi.

Sotuvchi qanday talablarni qoʻyishi mumkin?

Mazkur vaziyatda sotuvchi, eng avvalo, sotib oluvchidan transformator uskunasining shartnomada belgilangan qiymatini toʻlashni talab qilish huquqiga ega.

Bundan tashqari, «Xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida»gi Qonunning 31-moddasiga muvofiq, tovarlarni tanlab olmaganlik yoki ularni olishni asossiz rad etganlik uchun sotib oluvchi yetkazib beruvchiga tanlab olinmagan tovarlar qiymatining 5 foizi miqdorida jarima toʻlaydi. Tez buziladigan tovarlar boʻyicha mazkur jarima 10 foizni tashkil etadi. Tovarlar tanlab olinmagan hollarda yetkazib beruvchi jarimadan tashqari tovarlar qiymatining toʻlanishini ham talab qilishga haqli.

Transformator uskunasi tez buziladigan tovar hisoblanmagani sababli, boshqa shartlar mavjud boʻlganda, sotuvchi tovar qiymatining 5 foizi miqdorida jarima undirish masalasini qoʻyishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007 yil 28 dekabrdagi 175-sonli qarorining 9-bandida ham tovarlar tanlab olinmagan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi jarima undirishdan tashqari, tovarlar mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etgan holda ularning qiymati toʻlanishini talab qilishga haqli ekani tushuntirilgan.

Shuningdek, sotuvchi tovarni saqlash, qoʻriqlash, qayta joylashtirish yoki boshqa zarur choralar bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarga duch kelgan boʻlsa, ushbu xarajatlarni zarar sifatida undirish masalasini ham qoʻyishi mumkin. Bunda zararning mavjudligi, miqdori, sotib oluvchining huquqqa xilof harakati va kelib chiqqan zarar oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish tegishli dalillar bilan isbotlanishi lozim. Xoʻjalik shartnomasi majburiyatlarini bajarmagan taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararni qoplashi shart.

Isbotlash predmeti

Tovar haqini va tegishli mulkiy sanksiyalarni undirish toʻgʻrisidagi talabning qanoatlantirilishi uchun sotuvchi quyidagi holatlarni ishonchli dalillar bilan tasdiqlashi zarur:

— taraflar oʻrtasida mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilganini;

— shartnomada tovarning nomi, miqdori, bahosi, sifati, texnik xususiyatlari va topshirish muddati belgilanganini;

— transformator uskunasi shartnoma talablariga muvofiq ravishda tayyorlanganini;

— tovar shartnomada belgilangan muddatda sotib oluvchiga topshirish uchun mavjud boʻlganini;

— sotib oluvchi tovar tayyorligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilinganini;

— bildirish xati sotib oluvchiga haqiqatda yetkazilganini;

— sotib oluvchi tovarni qabul qilishdan bosh tortganini;

— rad etish uchun qonuniy yoki shartnomaviy asoslar mavjud boʻlmaganini;

— tovar daʼvo taqdim etilgan vaqtda ham mavjud boʻlganini.

Tovarning tayyorligi ishlab chiqarish yoki ombor dalolatnomalari, texnik pasport, sifat sertifikati, muvofiqlik hujjatlari, fotosuratlar, hisobvaraq-fakturalar va boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanishi mumkin. Bildirish xatining yuborilgani esa pochta maʼlumotnomasi, elektron hujjat aylanishi tizimi maʼlumotlari, kuryerlik xizmati dalolatnomasi yoki xatni qabul qilib olganlik haqidagi belgi bilan isbotlanishi lozim.

Daʼvo predmetini oʻzgartirish imkoniyati

Agar sotuvchi dastlab tovarni qabul qilish majburiyatini yuklash haqida daʼvo kiritgan boʻlsa, ish birinchi instansiya sudida mazmunan koʻrib chiqilishi yakunlanguniga qadar daʼvo predmetini qonunchilikka muvofiq oʻzgartirish masalasini koʻrib chiqishi mumkin.

Iqtisodiy prosessual kodeksning 157-moddasiga koʻra, daʼvogar birinchi instansiya sudida ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga, shuningdek daʼvo talablari miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga haqli.

Shunga koʻra, sotuvchi tovarni qabul qilish majburiyatini yuklash talabi oʻrniga transformator uskunasi qiymatini undirish toʻgʻrisidagi talabni belgilangan prosessual tartibda qoʻyishi maqsadga muvofiq.

Xulosa

Sotib oluvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilangan tovarni qonuniy yoki shartnomaviy asoslarsiz qabul qilishdan bosh tortishi shartnoma majburiyatining buzilishi hisoblanadi. Biroq mazkur huquqbuzarlik holatida sotuvchi huquqni himoya qilish usulini toʻgʻri tanlashi lozim.

Fuqarolik kodeksining 447-moddasi toʻrtinchi qismi va 448-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, sotib oluvchi tovarni asossiz qabul qilmagan yoki belgilangan muddatda tanlab olmagan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchidan tovar haqini toʻlashni talab qilish yoxud tegishli shartlarda shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.

Shu sababli «AAA» MCHJ tomonidan «VVV» MCHJ zimmasiga transformator uskunasini qabul qilib olish majburiyatini yuklash haqidagi daʼvo talabi mazkur vaziyatda huquqni himoya qilishning tegishli usuli sifatida baholanmaydi. Sud ushbu talabni rad etishi mumkin.

Sotuvchi uchun toʻgʻri huquqiy yechim — transformator uskunasining shartnomada belgilangan qiymatini, qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan jarimani, shuningdek isbotlangan zararlarni sotib oluvchidan undirish toʻgʻrisida talab qoʻyishdan iborat.

Demak, sudda huquqning samarali himoya qilinishi nafaqat shartnoma majburiyati buzilganini isbotlashga, balki buzilish xususiyatiga mos keladigan daʼvo predmeti va huquqni himoya qilish usulini toʻgʻri tanlashga ham bevosita bogʻliq.

Manbalar

  • Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi
  • Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi
  • Oʻzbekiston Respublikasining «Xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida»gi Qonuni
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007 yil 28 dekabrdagi 175-sonli «Tovarlarni tanlab olmaslik bilan bogʻliq nizolarni hal qilishning ayrim masalalari toʻgʻrisida»gi qarori
AI yordamchi javoblari maʼlumot uchun — huquqiy maslahat oʻrnini bosmaydi.